YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan suhbat: Mirzo-Ulug'bek Abdullaev
Siz YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori ofisida katta mas'uliyatli lavozimda ishlaysiz. Bu darajaga qanday erishdingiz? O’zingiz haqingizda gapirib bering!
Buning tarixi uzoq! Bolaligimdan diplomat bo‘lishni orzu qilganman. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro huquq, diplomatik va konsullik huquqi yo‘nalishida tahsil oldim. O‘qishni tamomlaganimdan so‘ng, va YXHT xodimi bo‘lgunimga qadar men Prezident Administratsiyasi, Adliya vazirligi, BMTTD va xususiy sektorda ishladim.
Endi, YXHT majburiyatlarini amalga oshirish orqali O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan xalqaro tashkilot xodimiman deb, faxr bilan ayta olaman. Men YXHT va uning muhim faoliyatini yanada ommalashishiga ham xizmat qilaman.
Mamlakatning ko‘pchilik aholisi YXHT va bizning ofisimiz qilayotgan nufuzli ishlar haqida ma'lumotga ega emas. Ularning aksariyati bizning xavfsizlikka keng qamrovli, kompleks yondashuvimizdan bexabar va biz asosan saylovlar, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ish olib boramiz deb o‘ylashadi. Ammo tashkilotimizning faoliyat qamrovi bundan kengroq va men buni keng aholiga yetkazish uchun hissa qo‘shayotganimdan xursandman.
Loyihalar Koordinatori ofisidagi ishingiz haqida ko'proq gapirib bering. Qaysi masalalar ustida ish olib borasiz? Qanday yutuqlarga erishildi?
Men siyosiy va harbiy mezonida ishlayman. Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekiston hukumatiga YXHTning harbiy-siyosiy sohada, jumladan terrorizm va boshqa transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish tamoyillari va majburiyatlarini amalga oshirishda ko‘maklashish, shuningdek, davlat xavfsizlikni va barqarorlikni ta'minlashiga hissa qo‘shishdan iborat.
Bizning jamoa xalqaro va milliy xodimlardan iborat bo’lib, yillar davomida koʻplab yutuqlarga erishdi. Soʻnggi ikki yilda erishilgan eng katta uch yutug’imiz haqida sizga aytib o’tmoqchiman:
- 2019-yilda biz O‘zbekistonda ommaviy kommunikatsiyalar, axborot texnologiyalari va internetdan foydalanishga oid turli qonun hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdik. Maqsad, ularning xalqaro standartlarga va YXHTning insoniylik mezoni bo‘yicha majburiyatlariga muvofiqligini baholash edi. Natijada, internet boshqaruvi bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha muhim islohotlar yo’lga qo’yildi.
- 2021-yilda asosiy milliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borgan ishimiz natijasida, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha birinchi Milliy strategiyasini tasdiqlandi.
- 2022-yilda biz davlat va nodavlat muassasalarining 1000 dan ortiq vakillari uchun, xavfsizlikga oid bir qator aspektlar bo‘yicha treninglar tashkillashtirdik.
Hozirgi kunda siz yechimi ustida ishlayotgan O‘zbekistonning eng dolzard masalasi qanday va bu masala nima uchun dolzarb deb hisoblaysiz?
O‘ylaymanki, barchamiz YXHT uchun og’ir davrda ishlayapmiz va farzandlarimiz uchun yaxshiroq va xavfsizroq meros qoldirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak.
Terrorizm tahdidlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini anglagan holda, Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati 2011-yilda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini qabul qildi. Biz, terrorizm va zo’ravon ekstremizmga qarshi samarali kurashish uchun ushbu rejani amalga oshiruvchi manfaatdor milliy hamkorlarga o‘z salohiyatini mustahkamlashda faol yordam beramiz. Albatta, bu ishlar inson huquqlari, qonun ustuvorligi tamoyillari va gender qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Yana bir muhim yo‘nalish – davlatlarga boshqa davlatlarning kibermakondagi faoliyatini “o‘qish” va “qizil chiziqlar”ni aniqlash imkonini beruvchi YXHT Kiber/AKT da ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlarini (CBMs) ilgari surishdir. Ushbu chora-tadbirlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish natijasida yuzaga keladigan potentsial keskinliklarni bartaraf etish uchun o‘z vaqtida aloqa va hamkorlikni ta'minlaydi va ishonchli "qo‘shnichilik kiber munosabatlarini" rivojlantirishga yordam beradi.
Kengroq qilib aytganda, huquqni muhofaza qilish idoralari kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurash olib borishi biz uchun juda muhim. Kelgusi yillarda jahonning kiberjinoyatchilikga qarshi xarajatlari yiliga 15 foizga o‘shadi, 2025 yilga borib 10,5 trillion AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Holbuki, 2015 yilda bu ko’rsatkich 3 trillion AQSh dollarni tashkil qilgan edi. Bu dunyo bo’yicha barcha noqonuniy giyohvand moddalar savdosidan ko‘ra daromadliroq bo‘lib, innovatsiya va investitsiyalarni to‘xtatadigan biznesni yaratadi. Bunga qarshi chiqish bizning muhim yo‘nalishlarimizdan bo‘lib qoladi.
Sizningcha, YXHTga a'zo davlatlar terrorizm, zoʻravon ekstremizm va kiberhujumlar kabi transmilliy tahdidlarga qarshi kurashishida eng zarur qadamlar nimadan iborat?
Hozirgi kunda YXHTga a'zo davlatlar mustaqil ravishda hal qila olmaydigan muammolarga duch kelishmoqda. 2025 yilda Xelsinki yakuniy aktining 50 yilligi nishonlanadi, va hujjatga nazar tashlasak, unda barcha muhim masalalar allaqachon o‘z aksini topganligini ko‘rish mumkin!
Barcha asosiy tamoyillarni amalga oshirish va hamkorlikni rivojlantirish va ishonchni mustahkamlash orqali YXHT faoliyatini yanada samarali qilish har qachongidan ham muhimroqdir. Va nihoyat, ishtirokchi-davlatlar YXHT va uning tuzilmalarini, jumladan, joydagi ofislari, YXHT majburiyatlaridan kelib chiqadigan vazifalarimizni bajarishimiz uchun, zarur moliyaviy va inson resurslari bilan ta'minlashi kerak.
Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligi YXHT hududida barqarorlik va xavfsizlikka erishish uchun qanday rol oynaydi? Bunda YXHTning loyihalari koordinatorining o’rni qanday?
Mintaqaviy hamkorlik nafaqat Markaziy Osiyo hududining transmilliy tahdidlarga bardoshligini, balki barcha beshta davlatning iqtisodiy rivojlanishini ham oshiradi.
YXHTning sobiq Bosh kotibi, hozirda Jeneva Xavfsizlik siyosati markazi direktori Greminger bu yil yozgan maqolasida shunday degan edi: “Agar siz dunyoga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) nuqtai nazaridan qaraganingizda edi, siz Markaziy Osiyoni faqat Afg‘oniston masalasi orqali ko’rmagan bo‘lar edingiz. Men Markaziy Osiyoni yanada dolzarb, faolroq va mintaqaviy hamkorlikdan manfaatdor bo‘lib borayotgan hudud sifatida bilaman”.
Men uning fikriga to‘liq qo‘shilaman. Biz Markaziy Osiyo hamkorligi xavfsizlikning barcha jabhalari, xususan, siyosiy va harbiy, iqtisodiy va ekologik, insoniylik mezonlar bilan bog‘liq sa’y-harakatlarni qanday yuksaltirganini ko‘rishimiz mumkin.
Bizning ofisimiz, xavfsizlikka oid mavjud muammolar va tahdidlarni birgalikda hal qilish yo‘li bilan qabul qiluvchi davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, hamkorlikni ilgari surmoqda. Markaziy Osiyoning kuchli salohiyatidan foydalangan holda barchamiz yaxshiroq kelajak qurishimiz mumkin va biz buni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.